Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti va Konstitutsiyaga amal qilinishining kafili sifatida jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashni, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilishni oʼzimning nafaqat vazifam, eng avvalo, muqaddas burchim, deb hisoblayman.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev
Konstitutsiya (lot. constitutio — tuzilish, tuzuk) — davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Dunyoda birinchi Konstitutsiya 1787-yil AQShda qabul qilingan. Yevropada esa birinchi bo‘lib, 1791-yil Polsha o‘z Konstitutsiyasini qabul qilgan.
Har bir davlatning Konstitutsiyasi o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘lib, uning milliy xususiyatlari, an’analaridan kelib chiqadi.
Bugun har qanday davlatga o‘z qonunlarining adolatlilik darajasi, insoniyat taraqqiyotining XXI asr boshlaridagi ilg‘or aqidalariga qanchalar mosligi, eng muhimi, ana shu kuchda bo‘lgan huquqiy qonunlarga nechog‘li amal qilinayotganiga qarab baho beriladi.
Shu ma’noda, aytish mumkinki, O‘zbekiston o‘z mustaqilligining dastlabki yillarida davlatchilikning huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha juda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilindi va “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi.Bu qonun ushbu Konstitutsiya uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida 1992-yil 8-dekabrda qabul qilindi. 28 yil davomida bosh qomusimizga bir necha bor tuzatish, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat.
1-bo‘lim ─ Asosiy prinsiplar: O‘zbekistonda davlatchilik shakli, qonunlar ustuvorligiga bag‘ishlanadi.
2-bo‘lim ─ Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari: O‘zbekistonda fuqarolik shakli, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, burchlari, ularning himoya qilinishi xususida so‘z yuritiladi.
3-bo‘lim ─ Jamiyat va shaxs: jamoat birlashmalari, oila instituti, ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi moddalarni jamlaydi.
4-bo‘lim ─ Ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishi: Respublika hududining ma’muriy bo‘linishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud.
5-bo‘lim ─ Davlat hokimiyatining tashkil etilishi: hokimiyatning uchga bo‘linish prinsipi, Prezident, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, Sud hokimiyati, mahalliy hokimliklar, Prokuratura organlari vakolatlari hamda vazifalari, mudofaa va moliya tizimiga bag‘ishlangan.
6-bo‘lim: Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibi xususida.
Konstitutsiya matnida eng ko‘p qo‘llanilgan so‘zlar: Respublika ─ 390 marta, O‘zbekiston ─ 354 marta, qonun ─ 210 marta, davlat ─ 98 marta, huquq ─ 90 marta, Konstitutsiya ─ 70 marta, fuqaro ─ 66 marta, Prezident ─ 62 marta, Qoraqalpog‘iston ─ 33 marta, shaxs ─ 32 marta, erkinlik ─ 27 marta, xalq ─ 24 marta, demokratiya ─ 7 marta. Jami matn 7543ta so‘zdan iborat.
Konstitutsiya matni ilk bor 1992 yil 15 dekabr sanasida «Xalq so‘zi» gazetasining 247-sonida e’lon qilingan.
Shu o’rinda Prezidentimiz aytganlaridek – Konstitutsiya har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini toʼliq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmogʼi lozim.